Akbar Jo’rayev, Xasanboy Xolmurotov va bir qator og‘ir atletikachilarimiz taqdirlandi
Toshkent viloyati sportchilari tomonidan 2025-yil davomida erishilgan yutuqlar hamda “Prezident Olimpiadasi” sport musobaqalarining g‘olib va sovrindorlarini taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Viloyat hokimi sportchilar va ularning murabbiylarini erishilgan yutuqlari bilan tabriklab, kelgusidagi musobaqalarda ularga omad tiladi.
Ma’lumot o‘rnida, Toshkent viloyati sportchilari “Prezident Olimpiadasi” doirasida 18 ta oltin, 8 ta kumush va 30 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida faxrli 2-o‘rinni egalladi.
Alohida qayd etish joiz, og‘ir atletika bahslarida ham viloyat sportchilari umumjamoa hisobida 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ushbu sport turi vakillari musobaqalar davomida 3 ta oltin, 2 ta kumush va 5 ta bronza — jami 10 ta medal bilan viloyat sharafini munosib himoya qildi.
Shuningdek, viloyat sportchilari orasida Akbar Jo‘rayev joriy yil davomida o‘zining yuksak sport mahoratini yana bir bor namoyon etib, Osiyo chempionati, jahon chempionati hamda Islom birdamlik o‘yinlari kabi nufuzli xalqaro musobaqalarning barchasida oltin medalni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi. Bu natija nafaqat viloyat, balki butun mamlakat sporti tarixidagi muhim yutuqlardan biridir.
Tadbir yakunida musobaqalarda g‘olib va sovrindor bo‘lgan sportchilar hamda ularning murabbiylariga viloyat hokimligi tomonidan munosib mukofotlar tantanali ravishda topshirildi.