Afg‘onistonda ilk bor Kurash bo‘yicha yirik xalqaro turnir o‘tkazildi
Afg‘onistonda ilk bor Kurash bo‘yicha yirik xalqaro turnir o‘tkazildi
Kecha, 23 aprel kuni Kobul shahrida an’anaviy kurash turlari bo‘yicha xalqaro festival tantanali ravishda boshlandi. Mazkur nufuzli musobaqa doirasida Kurash bo‘yicha bellashuvlar tashkil etildi. Ayniqsa, festival doirasida Afg‘oniston tarixida ilk bor Kurash bo‘yicha shunday keng qamrovli xalqaro turnir o‘tkazilgani ushbu tadbirning ahamiyatini yanada oshirdi.
Musobaqada Afg‘oniston, O‘zbekiston, Tojikiston, Turkiya, Turkmaniston, Qirg‘iziston va Eron davlatlaridan jami 170 nafar sportchi ishtirok etdi. Bellashuvlar 60 kg, 66 kg, 73 kg, 81 kg, 90 kg, –100 kg va +100 kg vazn toifalarida bo‘lib o‘tdi. Ularning 110 nafari mezbon mamlakat vakillari bo‘lsa, 60 nafar sportchi xorijiy davlatlar sharafini himoya qildi.
Festivalning ochilish marosimida Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri Amirxon Muttaqiy, Jismoniy tarbiya va sport hamda Milliy olimpiya qo‘mitasi rahbari Ahmadulloh Vasiq, qishloq xo‘jaligi vaziri Mavlaviy Attaulloh Umariy, Kobul viloyati hokimi Aminulloh Ubayd hamda ichki ishlar vazirligi va Bosh vazir devonining qator yuqori lavozimli vakillari ishtirok etdi. Shuningdek, Kobul shahri politsiya boshlig‘i Mulla Hamza ham tadbirda qatnashib, musobaqaning yuksak nufuzini yana bir bor namoyon etdi.
Qizg‘in va murosasiz bellashuvlar yakuniga ko‘ra, Kurash yo‘nalishida O‘zbekiston terma jamoasi umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi. Ikkinchi o‘rin Tojikiston vakillariga nasib etgan bo‘lsa, mezbon Afg‘oniston sportchilari sharafli uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Xalqaro Kurash assotsiatsiyasi ushbu musobaqani Afg‘onistonda Kurash sport turining rivojlanishida muhim tarixiy qadam sifatida baholaydi. Mazkur turnir nafaqat sportdagi raqobat maydoni, balki mintaqaviy hamjihatlik va madaniy almashinuv ramzi sifatida ham katta ahamiyat kasb etdi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joizki, 2024 yil 28–30 sentyabr kunlari Xalqaro Kurash assotsiatsiyasi Prezidenti Haydar Farmon boshchiligidagi IKA delegatsiyasi Afg‘onistonga rasmiy tashrif buyurgan edi. Tashrif davomida Afg‘oniston hukumati rahbariyati, tashqi ishlar va sport vazirlari, Milliy olimpiya qo‘mitasi mas’ullari bilan qator samarali uchrashuvlar o‘tkazilib, mamlakatda Kurash bo‘yicha xalqaro musobaqalarni tashkil etish va ushbu sport turini yanada rivojlantirishga qaratilgan muhim kelishuvlarga erishilgan edi.