«Adidas» 2027 yildan boshlab Formula-1'da «Red Bull» bilan hamkorlik qiladi
Germaniyaning «Adidas» sport brendi «Red Bull» jamoasi bilan kelishuvga erishdi va 2027 yildan boshlab Formula-1 jamoasining texnik hamkoriga aylanadi.
Bild nashrining xabar berishicha, shartnoma kamida uch yilga mo‘ljallangan bo‘lib, uning qiymati har bir mavsum uchun taxminan 27 million yevroni tashkil etadi.
Avvalroq «Adidas» «Mersedes» va «Audi» jamoalari bilan ham hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan edi. O‘z navbatida, 2026 yilgi mavsumda «Red Bull» jamoasini «Puma» brendi liboslar bilan ta’minlaydi.
Shuningdek, «Adidas»ning asosiy raqobatchisi bo‘lgan «Puma» «Maklaren» va «Ferrari» jamoalarining hamkori bo‘lib qoladi.
Bild nashrining qayd etishicha, adidas allaqachon «Red Bull» uchun ilk qo‘shma kolleksiya dizaynini taqdim etgan. Unda jamoaning an’anaviy to‘q ko‘k rangi saqlab qolingan bo‘lsa-da, brendning ramzi hisoblangan uchta yo‘l (three stripes) ko‘rinishidagi yangi aksentlar paydo bo‘ladi.
Hozircha adidas kompaniyasi ushbu kelishuv bo‘yicha rasmiy izoh berishdan bosh tortdi.