Abu-Dabi shahrida ot sportining to‘siqlardan sakrash yo‘nalishi bo‘yicha CSI4-W toifasidagi xalqaro musobaqa rasman boshlandi
20-yanvar kuni Birlashgan Arab Amirliklarining Abu-Dabi shahrida ot sportining to‘siqlardan sakrash yo‘nalishi bo‘yicha CSI4-W toifasidagi xalqaro musobaqa rasman boshlandi.
Musobaqaning ilk kuni sport otlarining majburiy veterinariya ko‘rigi (vet-check) bilan boshlandi. Veterinariya ko‘rigi davomida otlarning sog‘ligi, umumiy jismoniy holati, harakat faolligi hamda yuqori darajadagi musobaqalarga tayyorgarligi xalqaro talablar asosida mutaxassislar tomonidan baholandi.
Quvonarlisi, O‘zbekiston terma jamoasi tarkibidagi sport otlari veterinariya ko‘rigidan muvaffaqiyatli o‘tib, musobaqada ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi. Shu tariqa, 20–25-yanvar kunlari Abu-Dabida bo‘lib o‘tadigan xalqaro musobaqa rasman start oldi.
Oldinda chavandozlarimiz va sport otlarimizni mas’uliyatli hamda murosasiz bellashuvlar kutmoqda. O‘zbekiston terma jamoasiga, chavandozlarimizga hamda sport otlarimizga musobaqada omad, yorqin chiqishlar va yuqori natijalar tilaymiz.