Abdusattorov Sent-Luisda blitzda zafar qozondi
AQShning Sent-Luis shahrida 175 ming dollarlik mukofot jamg‘armasiga ega Saint Louis Rapid & Blitz 2025 turniri yakunlandi. Bu — Grand Chess Tour turkumidagi to‘rtinchi bosqich bo‘lib, unda dunyoning yetakchi shaxmatchilari ishtirok etdi.
Musobaqa 3 kun rapid (25+10) va 2 kun blitz (5+2) yo‘nalishlarida o‘tdi. Rapidda g‘alaba uchun 2 ochko, blitzda esa 1 ochko berilardi.
Grossmeysterimiz Nodirbek Abdusattorov rapidda muvaffaqiyatsiz ishtirok etib, 7-o‘rinni egalladi. Biroq u blitz bahslarida a’lo o‘yin ko‘rsatib, 18 turdan 11,5 ochko jamg‘ardi va birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Turnirda asli armanistonlik, hozirda AQSh sharafini himoya qiladigan Levon Aronyan umumiy hisobda g‘olib chiqdi. Udan keyingi o‘rinlarni amerikalik Fabiano Karuana va fransiyalik Maksim Vashye-Lagrav egalladi.