Abdusattorov Saint Louis Rapid & Blitz’ning ikkinchi kunini muvaffaqiyatli yakunladi
Amerikaning Missuri shtatida jahonning yetakchi grossmeysterlari ishtirokidagi Saint Louis Rapid & Blitz shaxmat turniri davom etmoqda. 15 avgustgacha bo‘lib o‘tadigan musobaqa umumiy jamg‘armasi 175 ming dollar bo‘lgan GCT seriyasining to‘rtinchi bosqichi hisoblanadi.
Turnir formatiga ko‘ra, dastlabki uch kun — rapid (25+10) yo‘nalishida, keyingi ikki kun esa blitz (5+2) bahslariga bag‘ishlanadi. Rapidda g‘alaba uchun 2 ochko, blitzda esa 1 ochko beriladi.
Birinchi kun Nodirbek Abdusattorov uchun omadli kechmagan bo‘lsa-da (1 durang, 2 mag‘lubiyat), ikkinchi kuni o‘tkazilgan uch turda u bir g‘alaba va ikki durang qayd etdi. 4-turda u AQSh shaxmatchisi Grigoriy Oparinni mag‘lub etdi, 5-turda vetnamlik Le Kuang Liem bilan, 6-turda esa hindistonlik jahon chempioni Gukesh Dommaraju bilan durang o‘ynadi.
Bugun, 13 avgust kuni rapid bahslarining so‘nggi kunida Abdusattorov fransiyalik Maksim Vashye-Lagrav, amerikalik Sem Shankland va Lenyer Domingesga qarshi maydonga tushadi. Hozircha u 5 ochko bilan 10 ishtirokchi orasida 7-o‘rinda bormoqda.