locale OZ

Abdusattorov muvaffaqiyatli rapidni yakunlab, blitzga qadam qo‘ydi

Saint Louis Rapid & Blitz musobaqasida hamyurtimiz 9 ochko to‘plab
Boshqa sport turlari
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
Rasm: Olamsport.uz

AQShning Missuri shtati, Sent-Luis shahrida mukofot jamg‘armasi 175 ming dollar bo‘lgan nufuzli Saint Louis Rapid & Blitz turniri qizg‘in kechmoqda. GCT turkumidagi to‘rtinchi bosqich hisoblangan musobaqada dunyoning yetakchi grossmeysterlari g‘alaba uchun bahs olib bormoqda. Bellashuvlar 15 avgustga qadar davom etadi.

Turnir 3 kunlik rapid (25+10) va 2 kunlik blitz (5+2) yo‘nalishlarida tashkil etilgan. Rapidda g‘alaba — 2, blitzda esa 1 ochko bilan baholanadi. Rapidda 9 tur, blitzda esa aylana tizimida 18 tur o‘tkaziladi.

Ishtirokchilar ro‘yxati: Nodirbek Abdusattorov, Fabiano Caruana (AQSh), Gukesh Dommaraju (Hindiston), Maksim Vashye-Lagrav (Fransiya), Uesli So (AQSh), Le Kuang Liem (Vyetnam), Lenyer Dominges (AQSh), Levon Aronyan (AQSh), Sem Shankland (AQSh), Grigoriy Oparin (AQSh).

Uchinchi kungi bahslarda Nodirbek ikki durang va bir g‘alaba qayd etdi. 7 va 8-turlarda qora donalarda fransiyalik Maksim Vashye-Lagrav hamda amerikalik Sem Shankland bilan murosaga keldi. 9-turda esa oq donalarda Lenyer Domingesni mag‘lub etdi. Ikkinchi kun hamyurtimiz uchun o‘xshash natijalar bilan yakunlangandi — bir g‘alaba va ikki durang.

Rapid bosqichi yakunida Fabiano Caruana 14 ochko bilan peshqadam bo‘ldi. Levon Aronyan (13 ochko) ikkinchi, Maksim Vashye-Lagrav (11 ochko) uchinchi o‘rinni egalladi. Abdusattorov esa Uesli So va Lenyer Dominges bilan birga 9 ochkodan to‘plab, 10 ishtirokchi orasida o‘rtadagi pozitsiyada turibdi.

Bugundan turnirdagi blitz bahslari start oladi.

Bakradze Iman
Bakradze Iman
Redaktor
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting