Abdusattorov Karlsenga, Sindarov Nakamuraga qarshi — Esports World Cup Chessda og'ir start
Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyod shahrida Esports World Cup Chess deb nomlangan nufuzli shaxmat musobaqasi boshlandi. Uning mukofot jamg'armasi 1 million 550 ming AQSh dollarini tashkil etadi.
Musobaqaning saralash bosqichidan o'tgan hamyurtimiz Javohir Sindarov guruhning ilk bahsida AQSh vakili Hikaru Nakamuraga qarshi o'ynadi. Dastlab oq, so'ng qora donalarda dona surgan Sindarov har ikki o'yinda mag'lub bo'ldi. Shu tariqa Nakamura “g'oliblar” setkasida keyingi bosqichga yo'l oldi, Sindarov esa “mag'lublar” yo'nalishida pley-off uchun kurashni davom ettiradi.
To'g'ridan-to'g'ri asosiy bosqichga chiqqan yana bir hamyurtimiz — Nodirbek Abdusattorov uchun ham musobaqa qiyin raqib bilan boshlandi. U ilk davrada jahonning sobiq chempioni, norvegiyalik Magnus Karlsenga qarshi o'ynab, 0,5:1,5 hisobida mag'lub bo'ldi. Endi Abdusattorov ham “mag'lublar” setkasi orqali keyingi bosqichga chiqishga intilmoqda.