Abbos Ergashev: «Qayd etilgan natija va ko'rsatgan o‘yinimizdan mamnunmiz»
Birinchi liga 3-turidan o‘rin olgan «Lokomotiv-BFK» — «Guliston» (0:2) o‘yinidan so‘ng mehmonlar bosh murabbiyi Abbos Ergashev o‘z fikrlarini bildirdi.
«Bugungi g‘alaba bilan barcha sirdaryolik muxlislarni tabriklayman. Havo harorati biroz issiq bo‘ldi. Qolaversa, sun’iy maydonda o‘ynaganimiz ham qiyinchilik tug‘dirdi. Shunga qaramay, qayd etilgan natija va ko'rsatgan o‘yinimizdan mamnunmiz. Bu yutuq bilan jamoamiz ishqibozlarini tabriklayman.
Ikkinchi bo‘limda tarkibda o‘zgarishlarni amalga oshirdik. Yigitlarda biroz charchoq alomatlari sezilib qoldi. O‘ylaymanki, keyingi o‘yinlarda futbolchilar bahs startidan to oxirigacha bir tempda harakat qiladi. Murabbiylar shtabi bilan yigitlarni kelgusi o‘yinlarga puxta tayyorlaymiz.
Keyingi raqibimiz — «Respublika FJ» jamoasi. Ularda shunday tizim yo‘lga qo‘yilganki, O‘zbekistondagi barcha akademiyalarining eng iqtidorli yoshlari yig‘ilishgan. Ishonamanki, bo‘lajak o‘yinda ham ijobiy natijaga erishamiz», — dedi Ergashev.