46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi, 3-Paraolimpiada va 97-FIDE Kongressiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi
Bugun, 24-avgust kuni Xalqaro shaxmat akademiyasida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan nufuzli xalqaro shaxmat tadbirlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi rahbariyati va mas’ul xodimlari, OAV vakillari, shaxmat mutaxassislari hamda ishqibozlari ishtirok etdi.
Matbuot anjumanida joriy yilning, 10–18-sentabr kunlari 3-Paraolimpiada, 15–28-sentabr kunlari 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi hamda 19–28-sentabr kunlari 97-FIDE Kongressini yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Ta’kidlanganidek, mazkur yirik tadbirlarga tayyorgarlik doirasida ishchi shtab faoliyati yo‘lga qo‘yildi, ishtirokchilar va mehmonlar uchun mehmonxonalar band qilindi, musobaqa o‘tkaziladigan obyektlarni tayyorlash, transport-logistika hamda xavfsizlik choralarini ta’minlash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirildi.
46-Butunjahon shaxmat olimpiadasida 200 dan ortiq davlatdan 398 ta jamoa — 208 ta “Open” va 190 ta ayollar jamoasi ishtirok etishi kutilmoqda. O‘zbekiston mezbon davlat sifatida 3 ta jamoa bilan qatnashadi.
E’tiborlisi, 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi ishtirokchi davlatlar va jamoalar soni bo‘yicha Olimpiada tarixidagi eng yirik musobaqaga aylanishi kutilmoqda.