26 may kuni Javohir Sindarov “Tepe Sigeman 2025” chempioniga aylanishi mumkin!
Shvetsiyaning Malmyo shahrida o'tayotgan nufuzli Tepe Sigeman 2025 xalqaro shaxmat turniri hal qiluvchi bosqichga yetib keldi. Aylana tizimida tashkil etilgan musobaqada dunyoning yetakchi grossmeysterlari ishtirok etayotgan bo'lsa, ular orasida O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan Javohir Sindarov ham muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda.
Kecha, 25 may kuni, 6-turda Sindarov oq donalarda mahalliy yulduz Nils Grandeliusga qarshi bellashib, durang qayd etdi. Bu natijadan so‘ng Javohir 4 ochko bilan yakka peshqadamlikni saqlab qoldi. Turkiyalik Yagiz Erdog‘mus 3,5 ochko bilan ikkinchi o‘rinda bormoqda, yana to‘rt nafar ishtirokchida 3 tadan ochko bor.
6-tur natijalari:
Javohir Sindarov (O‘zbekiston) – Nils Grandelius (Shvetsiya) ½ – ½
Tan Chjun'i (Xitoy) – Ervin L’Ami (Niderlandiya) ½ – ½
Yagiz Erdog‘mus (Turkiya) – Rey Robson (AQSh) ½ – ½
Richard Rapport (Vengriya) – Vasiliy Ivanchuk (Ukraina) 1 – 0
Bugun, 26 may kuni hal qiluvchi tur!
7-turda Javohir Sindarov qora donalarda ukrainalik afsona Vasiliy Ivanchukka qarshi o‘ynaydi. Agar hamyurtimiz g‘alaba qozonsa, qolgan natijalardan qat’i nazar, musobaqa chempioniga aylanadi. Durang esa unga tay-brek orqali chempionlik uchun imkoniyat qoldiradi.
7-tur juftliklari:
Vasiliy Ivanchuk (Ukraina) – Javohir Sindarov (O‘zbekiston)
Rey Robson (AQSh) – Richard Rapport (Vengriya)
Ervin L’Ami (Niderlandiya) – Yagiz Erdog‘mus (Turkiya)
Nils Grandelius (Shvetsiya) – Tan Chjun'i (Xitoy)
O‘yinlar Toshkent vaqti bilan soat 15:00da start oladi.