2026-yildan yosh toifalari bo‘yicha talablar kuchaytirildi: sport razryadlari aniq belgilandi
Avvalgi maqolamizda respublika musobaqalarida faqat saralashdan o‘tgan sportchilar ishtirok etishi haqida so‘z yuritgan edik. Bugungi maqolamiz esa navbatdagi muhim yangilik — yosh toifalari bo‘yicha sport razryadlariga qo‘yiladigan talablarga bag‘ishlanadi.
Endi yoshning o‘zi yetarli emas
Yangi Nizomga ko‘ra, sportchi faqat tegishli yosh toifasiga mos kelgani uchungina chempionatda qatnasha olmaydi. Endilikda har bir yosh guruhi uchun minimal sport razryadi aniq belgilandi.
Bu talab musobaqalarning saviyasini oshirish, sportchilarning tayyorgarlik darajasini bir xil mezonda baholash va haqiqiy iqtidorlarni ajratib ko‘rsatishga xizmat qiladi.
Yosh toifalari va sport razryadlari
Kattalar:
• Erkaklar — 1-kattalar razryadi
• Ayollar — 3-kattalar razryadi
U20 (20 yoshgacha):
• Erkaklar — 2-kattalar razryadi
• Ayollar — 1-o‘smirlar razryadi
U17 (17 yoshgacha):
• O‘g‘il bolalar — 3-kattalar razryadi
• Qizlar — 2-o‘smirlar razryadi
U15 (15 yoshgacha):
• O‘g‘il bolalar — 2-o‘smirlar razryadi
• Qizlar — talab alohida Nizom bilan belgilanadi
Ko‘rinib turibdiki, har bir yosh bosqichida sportchining nafaqat yoshi, balki amalda erishgan sport darajasi hal qiluvchi omilga aylanmoqda.
Natijada, Respublika chempionatlari yanada raqobatbardosh va professional tus oladi.