2026-yildan O‘zbekiston chempionatlarida yangi tartib: taqdirlash tizimi yangilandi
2026-yildan boshlab O‘zbekiston chempionatlarida sportchilarni baholash va taqdirlash tizimi yangi tartib asosida amalga oshiriladi. Yangi nizom musobaqalarning raqobatbardoshligini oshirish hamda har bir mashq natijasiga alohida e’tibor qaratishni nazarda tutadi.
Mazkur nizomga muvofiq, O‘zbekiston chempionatlari tarixida ilk bor dast ko‘tarish va siltab ko‘tarish mashqlari bo‘yicha sportchilar alohida taqdirlanadi.
Shu bilan birga, musobaqaning asosiy ko‘rsatkichlaridan biri sanalgan ikkikurash natijasi alohida medal bilan taqdirlanmaydi. Endilikda sovrinli o‘rinlar uchun bahslar har bir mashq doirasida alohida olib boriladi.
Yana bir muhim jihat — jamoaviy hisobni aniqlash tartibi. Yangi qoidalarga ko‘ra, jamoalarning umumiy natijasi sportchilar tomonidan qo‘lga kiritilgan medallar yig‘indisi asosida belgilanadi. Bu esa har bir vazn toifasi va har bir chiqishda jamoa sharafini himoya qilish mas’uliyatini yanada oshiradi.
Mazkur o‘zgarishlar O‘zbekiston chempionatlarining tashkiliy va sport jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilishiga, musobaqalarda shaffoflik hamda raqobat muhitining kuchayishiga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.