11 iyul kuni ikki shaxmatchimiz FIDE Jahon kubogining tay-brek bosqichida o‘ynaydi
Gruziyaning Batumi shahrida ayollar o‘rtasidagi FIDE Jahon kubogi qizg‘in pallaga kirdi. Ushbu nufuzli musobaqada O‘zbekiston terma jamoasining yetakchi shaxmatchilari – Gulrukhbegim Tohirjonova, Umida Omonova va Afruza Hamdamova ishtirok etmoqda.
Birinchi bosqichda barcha hamyurtimiz raqibalarini mag‘lub etgan edi. Ikkinchi davrada esa ularni ancha kuchli raqibalar kutib oldi:
• Gulrukhbegim Tohirjonova ilk partiyada xitoylik Lu Miaoyiga yutqazgan, ammo javob uchrashuvida chiroyli g‘alabaga erishib, duelldagi hisobni tenglashtirdi.
• Afruza Hamdamova ikki karra jahon chempioni, hindistonlik Hampi Koneru qarshisida javob uchrashuvini durang bilan yakunlagan bo‘lsa-da, umumiy natijaga ko‘ra musobaqani tark etdi.
• Umida Omonova ikki partiyada ham polshalik Yevropa chempioni Alina Kalinskaya bilan durang o‘ynadi.
Shunday qilib, Tohirjonova va Omonova bugun tay-brek bahslarida uchinchi bosqich yo‘llanmasi uchun kurash olib borishadi.