1-Central Asia drifting cup. O'zbekiston jamoasining natijalari
25–27-sentabr kunlari Qozog‘istondagi Sokol International Circuit avtodromida tarixda ilk bor FIA Central Asia Drifting Cup musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Turnir yuqori tashkiliy va sport saviyasida o‘tkazildi, UZMAMF Racing Team esa jamoaviy hisobda uchinchi o‘rinni egalladi.
O‘zbekiston sharafini Li Sen Man va Dilshod Yusupov himoya qildi. Har ikki pilot uchun kurash juftlik bosqichiga chiqishni belgilab beruvchi yakkalik kvalifikatsiya zaezdlaridan boshlandi.
KVALIFIKATSIYADAN — JUFTLIK BAHSLARIGA
Li Sen Man kvalifikatsiyada yettinchi natijani, Dilshod Yusupov esa o‘n beshinchi natijani qayd etdi. Har ikki sportchi TOP-16 bosqichiga chiqib, kurashni davom ettirdi.
Li Sen Manga kvalifikatsiyada o‘ninchi o‘rinni egallagan Qozog‘iston vakili Ruslan Smagulov raqib bo‘ldi. Dilshod Yusupov esa kvalifikatsiyada ikkinchi natijani qayd etgan Qozog‘istonning ikki karra chempioni Aleksandr Bochkaryov bilan bellashdi.
Juftlik zaezdlarida trassaga bir vaqtning o‘zida ikkita avtomobil chiqadi: yetakchi pilot harakat trayektoriyasini belgilaydi, ta’qib qiluvchi esa yaqin masofani saqlagan holda uni imkon qadar aniq takrorlashga harakat qiladi. Bunday kurash boshqaruvda aniqlik, barqarorlik va raqib harakatlariga tezkor munosabat bildirishni talab qiladi.
PILOTLAR VA TEXNIKA UCHUN JIDDIY SINOV
Jamoa bahosiga ko‘ra, trassa konfiguratsiyasi 700–800 ot kuchiga ega avtomobillar uchun mo‘ljallangan edi, bizning pilotlar avtomobillarining quvvati esa taxminan 500 ot kuchini tashkil etdi. Quvvatdagi farq vazifani sezilarli darajada murakkablashtirdi: sportchilar trassadan o‘tish sur’ati va aniqligini saqlagan holda o‘z texnikalarining imkoniyatlaridan maksimal darajada foydalanishlariga to‘g‘ri keldi.
Avtomobillardagi takroriy texnik nosozliklar ham qo‘shimcha sinov bo‘ldi. Musobaqa davomida mexaniklar jamoasi nosozliklarni tezkorlik bilan bartaraf etib, avtomobillarni safga qaytardi va pilotlarga kurashni davom ettirish imkonini berdi. Trassadagi natija ortida nafaqat sportchilarning mahorati, balki texnik jamoaning hamjihatlikdagi mehnati ham turdi.
Dilshod Yusupov musobaqaning yuqori darajada o‘tganini ta’kidlab, trassa konfiguratsiyasi juda murakkab bo‘lganini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hatto dunyoning yetakchi drift seriyalari bilan taqqoslaganda ham ushbu bosqich eng murakkablaridan biri bo‘ldi.
Texnik qiyinchiliklar va avtomobillar quvvatidagi farqqa qaramay, UZMAMF Racing Team jamoaviy hisobda bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Jamoaviy o'rinlar:
1. Kyrgyz Republic Racing Team — Qirg‘iziston
2. Drift Brother’s Team — Qozog‘iston
3. UZMAMF Racing Team — O‘zbekiston
Birinchi FIA Central Asia Drifting Cup jamoamiz uchun mahorat, texnika va jamoaviy ish borasida jiddiy sinov bo‘ldi. Pilotlar va mexaniklar qiyinchiliklarni birgalikda yengib o‘tib, debyut turnirini shohsupadagi o‘rin bilan yakunladilar.