\"Tashkent Select\" atrofidagi vaziyatga oydinlik kiritildi
Toshkentning "Humo" xokkey klubi va O‘zbekiston xokkey federatsiyasi axborot xizmatining sobiq xodimi Aleksandr Malishev "Tashkent Select" yoshlar jamoasi holati yuzasidan fikr bildirdi.
Avvalroq, klub Qozog‘iston yoshlar chempionatida navbatdagi mavsumda ham qatnashish niyatida ekani, biroq moliyaviy qiyinchiliklar borligi haqida xabarlar tarqalgan edi.
— Toshkentda muxlislar tushkun kayfiyatda. Biroq "Tashkent Select" jamoasining Jastar Hokei Ligasy chempionatida ishtirok etishi uchun mablag‘ topilgani haqida mish-mishlar bor. Bu ma'lumot tasdiqlanishini juda istayman, — dedi Malishev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, milliy terma jamoaga o‘tishi kerak bo‘lgan ayrim yosh xokkeychilar boshqa klublarga ketmoqda. Xususan, o‘tgan mavsumda "Tashkent Select" tarkibida yetakchi bo‘lgan aka-uka Erik va Bogdan Gayniaxmetovlar NMHDning "Proton" klubi bilan shartnoma imzolashgan. Shuningdek, terma jamoada darvozabonlar bilan bog‘liq muammo bor, Maksim Egupovning yana bir mavsum qolishi hali noma'lum.
— Asosiy vazifa — butun avlodni yo‘qotmaslik, — deb qo‘shimcha qildi Malishev.
Ayni paytda Qozog‘istonda yangi qonun loyihasi kutilmoqda. Unda xorijiy klublarning milliy chempionatlardagi ishtiroki masalasi tartibga solinadi. Mazkur qaror qabul qilingach, "Tashkent Select"ning chempionatdagi ishtiroki bo‘yicha aniqlik kiritiladi.