Stenli kubogi: ilk bosqichning beshinchi uchrashuvlari yakunlandi — «Vashington» va «Florida» keyingi bosqichda
1 may kuni NHL — Milliy xokkey ligasida Stenli kubogi–2025 pley-off bosqichining navbatdagi o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. Birinchi bosqich doirasida o‘tkazilgan uchta uchrashuv natijasiga ko‘ra, yana ikki jamoa keyingi bosqichga yo‘l oldi. Vashington shahridagi Capital One Arena arenasi mezbonlari «Kapitals» jamoasi «Monreal Kanadiens»ni qabul qildi. Maydon egalari ishonchli o‘yin namoyish etib, raqibni 4:1 hisobida mag‘lub etdi va seriyani 4-1 hisob bilan yakunladi. Shu tariqa, «Vashington» ikkinchi bosqichga chiqdi va u yerda «Karolina Xarrikeinz»ga qarshi o‘ynaydi.
Kunning yana bir bellashuvida «Tampa-Bey Laytning» o‘z maydonida «Florida Panters»ga qarshi maydonga tushdi. «Laytning» seriyadagi farqni kamaytirishga harakat qilgan bo‘lsa-da, 3:6 hisobida yutqazdi. Shu bilan seria 4-1 hisobida yakunlanib, «Florida» ham keyingi bosqichga yo‘l oldi.
Uchinchi uchrashuvda esa «Vinnipeg Jets» o‘z maydonida «Sent-Luis Blyuz» ustidan 5:3 (2:1, 2:1, 1:1) hisobida g‘alaba qozondi. Bu natijaga ko‘ra, seriyada hisob 3-2 «Jets» foydasiga bo‘ldi va jamoa keyingi bosqichga chiqish arafasida turibdi.