Zommer faoliyatini «Bryugge»da davom ettiradi
«Inter»ning sobiq darvozaboni Yann Zommer faoliyatini Belgiya klubi «Bryugge»da davom ettiradi. Bu haqda mashhur insayder Fabrizio Romano xabar berdi.
Manba ma'lumotiga ko‘ra, tomonlar transferning barcha shartlari bo‘yicha to‘liq kelishuvga erishgan. Shveytsariyalik tajribali posbon belgiyaliklar bilan qisqa muddatli shartnoma imzolaydi.
Qayd etilishicha, 37 yoshli darvozabonga bir nechta takliflar, jumladan Ispaniyadan ham moliyaviy jihatdan jozibador variantlar kelib tushgan. Shunga qaramay, Zommer aynan «Bryugge»ni tanladi. U yangi jamoasida asosiy darvozabon sifatida harakat qiladi.
Zommer 2025/2026 yilgi mavsum yakunida «Inter»ni erkin agent sifatida tark etgan edi. U faoliyati davomida «Bavariya» va Menxengladbaxning «Borussiya» klublari sharafini ham himoya qilgan.
O‘tgan mavsumda Zommer «Inter»ning asosiy darvozaboni sifatida Italiya chempionligini qo‘lga kiritdi hamda jamoasi bilan Chempionlar ligasining 1/16 finaligacha yetib bordi.