Zayniddin Zidan Fransiya terma jamoasi bosh murabbiyiga aylandi – Romano
Afsonaviy futbolchi Zayniddin Zidan Fransiya terma jamoasiga bosh murabbiy etib tayinlandi. Bu haqda jurnalist Fabrizio Romano ijtimoiy tarmoqlarda xabar berdi.
Manbaga ko'ra, tomonlar o'rtasidagi og'zaki kelishuv o'tgan yilning noyabr oyidayoq amalga oshgan bo'lib, endi u rasmiy uzoq muddatli shartnoma bilan mustahkamlangan.
Qayd etilishicha, kuz oylarida Zidanga bir qator klublar ham qiziqish bildirgan. Biroq fransuz mutaxassisi terma jamoani boshqarish qaroridan voz kechmagan.
Zidan 2021 yildan beri murabbiylik faoliyati bilan shug'ullanmayotgan edi. U avvalroq Madridning "Real" klubini ikki marta boshqargan — dastlab 2016–2018 yillarda, keyin esa 2019–2021 yillar oralig'ida.
Uning rahbarligi ostida "Real" 11 ta sovrinni qo'lga kiritdi. Ular orasida UEFA Chempionlar ligasida ketma-ket uch marta g'olib chiqqanligi eng yirik yutuqlardan biri hisoblanadi.