locale OZ

Zayniddin Tojiyev: «Yakkakurashlarda yutqazib, texnik xatolik evaziga gol o‘tkazdik»

"Gʻazalkent" ustozi jamoasining mag‘lubiyati haqida fikr bildirdi.
Zayniddin Tojiyev: «Yakkakurashlarda yutqazib, texnik xatolik evaziga gol o‘tkazdik»
Фото: Ғазалкент ПФК

Proliganing 17-turi doirasidagi "Gʻazalkent" - "FarDU" (0:1) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanida jamoamiz bosh murabbiyi Zayniddin Tojiyev matbuot anjumanida qatnashdi.

- Mana shunday kurashlarga boy o‘yin bo‘lishini kutgandik. Yana o‘sha yakkakurashlarda yutqazib, texnik xatolik evaziga gol o‘tkazdik. Qizil kartochka ham oldik. Gol bo‘lgan vaziyatda uch kishi bo‘lib, qutqarsa bo‘lardi. Qanotda raqib ikki kishini bemalol aldab, to‘pni uzatib bermoqda. Baribir bu ham konsentratsiyaga bog‘liq. Ayrim jabhalarda yigitlar yoshlik qilib qo‘yishmoqda, ko‘zi yonmayapti. Shunday bo‘lishi uchun ular bilan ishlayapmiz, mehnat qilyapmiz, gaplashyapmiz. Lekin baribir birinchi o‘yinda zo‘r o‘ynashadi, keyingisida tashlab yuborishadi. Izlanyapmiz va buning ham yechimini topamiz. "FardU" jamoasini g‘alaba bilan tabriklayman.

- Bugun maydon chetida kam ko‘rsatmalar berib turdingiz. Bu odatiy holatmidi?


- Ha, shunday. O‘yinga bir hafta mashg‘ulotlar davomida tayyorlanib boramiz. O‘sha mashg‘ulotdagi narsalarni ular o‘yinga olib chiqib berishlari kerak. O‘shanda biz barcha narsalarni ko‘rsatamiz. Maydon chetida turib olib, baqirgandan befoyda. Men shunday deb hisoblayman. O‘yinga tayyorlanish jarayonida yigitlarni qo‘lidan yetaklab ham yuramiz. Buni tushunadigani bor, tushunmaydigani ham. Texnik xatolarni taxlil qilib chiqamiz. Maydon chetida turib baqirsangiz, futbolchi Sizning 50 foiz gaplaringizni eshitmaydi, chunki u o‘yinga kirib ketgan bo‘ladi. Shu sababli taymlar o‘rtasida tanaffus bor va o‘sha yerda barchasi gapiriladi. Shunisi to‘g‘ri deb o‘ylayman.

- "Gʻazalkent" ikkinchi bo‘limda tempni oshirardi, jismoniy jihatdan barcha raqiblaridan ustunlik qilardi. O‘zingiz aytganingizdek, bugun ikkinchi bo‘limda jamoaning ko‘zi yonmadi. Zaxiradan tushganlarning birortasi o‘yinni kuchaytirmadi. Zaxiradan tushgan ikki futbolchining biri tezda sariq kartochka oldi, ikkinchisi qayta almashtirildi. Bunga nima sabab bo‘ldi?

- Zaxiradan tushib, o‘yinga qo‘shilib ketish bilan bog‘liq. Sadirjonov asosiy tarkibda o‘ynasa, sustroq bo‘lib qoladi. Ikkinchi bo‘limda tushsa, o‘yinni kuchaytiradi. Biz 5-10 daqiqa ko‘paytirib, unga imkoniyat berdik. Bugun ularning ikkalasi ham o‘yinga moslasha olishmadi. Bir tomondan qizil olganimiz ham bunga sabab bo‘ldi. Bir kishi kam bo‘lib qolganidan keyin konsentratsiya tushadi. Barcha kurashishiga to‘g‘ri keladi. Bir kishi hujumga o‘tsa, himoyada kamchilik bo‘lib qolyapmiz. Shu sababli bu ham o‘z asoratini beradi. Yigitlar yoshlik qilishdi va o‘yinga mos bo‘la olishmadi. Bu hammada bo‘ladigan holat. Sadirjonovda bunday bo‘lishini kutmagandik. U orqali o‘ng qanot hujumini kuchaytirmoqchi edik. Bu o‘zi uchun ham, biz uchun ham tajriba.

Roziqjon Sultonmurodov
Roziqjon Sultonmurodov
Jurnalist
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting