«Zarafshon» vohaga peshqadamlikni qaytaradimi?
Navoiy viloyati uzoq yillar davomida O‘zbekiston futzalining yetakchi hududlaridan biri bo‘lib kelgan. Viloyatning ikki jamoasi mamlakat chempioni bo’lgan, yana ikki klubi esa sovrindorlar safidan joy egallagan.
Yangi mavsumda viloyat sharafini qayta tashkil etilgan va yangi nom ostida ro‘yxatdan o‘tgan “Zarafshon” professional futzal klubi himoya qiladi.
Jamoaning asosiy tarkibi viloyat futzali tarbiyalanuvchilari , shuningdek, Navoiyga taklif etilgan tajribali futzalchilar tashkil etadi. Jamoaga bosh murabbiy etib Abdulla Bo‘riyev tayinlangan. Mamlakatimizning yirik sanoat shaharlaridan birida tajribali mutaxassis boshchiligida raqobatbardosh jamoa shakllantirilayotgani e’tiborga molik.
Klubning infratuzilmasi ham yangilanmoqda. Yangi atributika, tamg‘a va ramzlar tasdiqlanib, O‘zbekiston futzal federatsiyasiga taqdim etildi. Ayni paytda yangi mavsumga tayyorgarlik ishlari jadal davom etmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, mamlakat chempionatida sovrinli o‘rinlar uchun kurashadigan yana bir kuchli jamoa shakllanmoqda.
Transfer oynasi yakuniga qadar “Zarafshon” klubidagi so‘nggi o‘zgarishlar va muhim yangiliklarni ijtimoiy tarmoqlarimiz orqali muntazam yoritib boramiz.