«Yuventus» va «Milan» oʻzaro futbolchi almashishi mumkin — Tuttosport
Turinning «Yuventus» klubi transfer bozoridagi ishlarini davom ettirib, yarimhimoya chizig‘ini kuchaytirishga jiddiy e’tibor qaratmoqda. Tuttosport nashrining xabariga ko‘ra, «Milan» yarimhimoyachisi Ruben Loftus-Chik «Keksa Sinora»ning asosiy transfer maqsadlaridan biriga aylangan.
Manbada ta’kidlanishicha, «Yuventus» Loftus-Chikni anchadan beri kuzatib kelmoqda va hozirda futbolchilar almashinuvi varianti muhokama qilinmoqda. Ushbu reja doirasida turinliklar himoyachisi Federiko Gatti «Milan»ga yo‘l olishi, Loftus-Chik esa Turin klubiga ko‘chib o‘tishi mumkin.
Joriy mavsumda Ruben Loftus-Chik «rossonerilar» safida 20 ta uchrashuvda maydonga tushib, 1 ta gol va 1 ta golli uzatma muallifiga aylangan. Futbolchining «Milan» bilan amaldagi shartnomasi 2027 yilgacha mo‘ljallangan.