«Yuventus» «Tottenhem» darvozabonini oʻz safiga qoʻshib olmoqchi
Turinning «Yuventus» klubi «Tottenhem» darvozaboni Gulyelmo Vikarioning xizmatlariga jiddiy qiziqish bildirmoqda. La Gazzetta dello Sport nashrining xabar berishicha, «keksa sinyora» italyan posbonini yozgi transferlar oynasida o‘z safiga qo‘shib olish variantini ko‘rib chiqmoqda.
Londonliklar 29 yoshli darvozabonni taxminan 25 million yevroga baholamoqda. «Yuventus» rahbariyati agar qulay imkoniyat tug‘ilsa, Vikarioni manfaatli shartlar asosida sotib olishga tayyor.
Shuningdek, turinliklar o‘z darvozaboni Mikele Di Gregorioni sotib yuborish ehtimolini ham inkor etishmayapti — hozirda unga Angliya Premyer-ligasining bir nechta klublaridan qiziqish bor.
Vikarioni nafaqat «Yuventus», balki Milanning «Inter» klubi ham o‘z radarida ushlab turibdi. Har ikki grand jamoaning ushbu posbonga qiziqishi uning Italiya terma jamoasi a’zosi ekanligi va mahalliy litsenziyaga ega ekanligi bilan ham bog‘liq.
Eslatib oʻtamiz, Gulyelmo Vikario 2023 yilda «Empoli»dan 18 million yevro evaziga «Tottenhem»ga o‘tgan edi. Uning «shporlar» bilan amaldagi shartnomasi 2028 yilning iyuniga qadar mo‘ljallangan. Joriy mavsumda darvozabon barcha musobaqalarda 36 ta uchrashuvda maydonga tushib, 48 ta gol o‘tkazib yubordi va 13 ta o‘yinda o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi.