“Yuventus” “Tottenhem” darvozaboni Gulyelmo Vikarioni ijaraga oladi
“Yuventus” darvozabonlar chizig‘ini kuchaytirish maqsadida “Tottenhem” posboni Gulyelmo Vikarioni o‘z safiga qo‘shishga yaqin turibdi. Insayder Fabritsio Romano ma’lumotiga ko‘ra, 29 yoshli italiyalik darvozabon faoliyatini Turin klubida davom ettirishi kutilmoqda.
Manbaga ko‘ra, “Yuventus” Vikarioni ijara asosida qo‘lga kiritadi. Tomonlar o‘rtasidagi kelishuvga futbolchini keyinchalik to‘liq sotib olish imkonini beruvchi band ham kiritilishi rejalashtirilgan.
Vikario 2023-yildan buyon “Tottenhem” safida to‘p tepib kelmoqda. O‘tgan mavsumda u barcha musobaqalar doirasida 43 ta uchrashuvda maydonga tushib, shulardan 13 tasida o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qolgan.
Ma’lumot uchun, “Yuventus” avvalroq “Aston Villa” va Argentina terma jamoasi darvozaboni Emiliano Martines transferini ham ko‘rib chiqqan, biroq turinliklar yakunda bu variantdan voz kechgan. Endilikda klub asosiy e’tiborini Vikarioni o‘z safiga qo‘shishga qaratgan.