«Yuventus» Levandovskiga taklif qilayotgan shartlar maʼlum boʻldi
«Barselona» hujumchisi Robert Levandovski faoliyatini Italiya A Seriyasida, xususan, Turinning «Yuventus» klubida davom ettirishga yaqin turibdi. Bu haqda Tuttosport nashri xabar bermoqda.
Xabarga ko‘ra, 37 yoshli polshalik forvard uchun «Yuventus» asosiy variant hisoblanadi. Turinliklar futbolchiga bir yillik shartnoma va 6 million yevro maosh taklif qilmoqda.
Hujumchiga, shuningdek, «Milan» klubi ham qiziqish bildirgan, biroq hozirda «Yuventus» muzokaralarda ancha ilgarilab ketgan va futbolchining o‘zi bilan dastlabki kelishuvga erishgan. Levandovskining «Barselona» bilan amaldagi shartnomasi 2026 yilning yoziga qadar imzolangan bo‘lsa-da, kataloniyaliklar ish haqini kamaytirish va yoshlarni tarkibga integratsiya qilish maqsadida faxriy hujumchi bilan xayrlashishga tayyor.
Levandovski ushbu mavsumda barcha turnirlarda 41 ta o‘yinda maydonga tushib, 17 ta gol urdi va 4 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Transfermarkt portaliga ko‘ra, futbolchining ayni damdagi bozor qiymati 8 million yevroni tashkil etmoqda.