“Yuventus” “Kristal Pelas” himoyachisi Tayrik Mitchellga qiziqmoqda
Turinning “Yuventus” klubi “Kristal Pelas”ning chap qanot himoyachisi Tayrik Mitchellni o‘z safiga qo‘shib olish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Turinliklar futbolchining holatini kuzatib bormoqda. Bu haqda jurnalist Ekrem Konur xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, “Yuventus” 27 yoshli himoyachining transferini qishki transfer oynasidayoq amalga oshirishni ko‘rib chiqishi mumkin. Ehtimoliy kelishuv qiymati 23,3 million yevro atrofida bo‘lishi aytilmoqda. Shu bilan birga, Mitchellga APLning bir qator klublari ham qiziqish bildirmoqda.
Mitchell joriy mavsumda “Kristal Pelas” safida barcha musobaqalarda 6 ta uchrashuvda maydonga tushib, 2 ta gol urishga muvaffaq bo‘lgan. Himoyachi asosan chap qanotda harakat qiladi.
Ma’lumot uchun, Tayrik Mitchell “Kristal Pelas” asosiy jamoasi safida 2020-yildan buyon to‘p surib kelmoqda. Uning klub bilan amaldagi shartnomasi 2027-yil yozigacha mo‘ljallangan.