«Yuventus» Kovachichni tekinga olishni rejalashtirmoqda
Turinning «Yuventus» klubi «Manchester Siti» yarim himoyachisi Mateo Kovachichni o‘z safiga qo‘shib olish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Xorvatiyalik futbolchining «shaharliklar» bilan shartnomasi kelasi yozda yakuniga yetadi. Bu haqda La Gazzetta dello Sport xabar berdi.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, 32 yoshli futbolchining «Manchester Siti» bilan amaldagi shartnomasini uzaytirish ehtimoli past. Shu bois Kovachich kelasi yozda erkin agentga aylanishi mumkin.
«Yuventus» rahbariyati xorvatiyalik futbolchida katta tajriba, yuqori texnik mahorat va g‘alaba qozonishga bo‘lgan odat uyg‘unlashganini inobatga olmoqda. Shu jihatdan Kovachich turinliklar uchun qiziqarli variant sifatida qaralmoqda.
Shu bilan birga, hozircha «Yuventus» va Kovachich o‘rtasida hech qanday muzokaralar boshlanganicha yo‘q.
Kovachich joriy mavsumda barcha turnirlar doirasida «Manchester Siti»ning 5 ta uchrashuvida maydonga tushdi. Transfermarkt ma’lumotiga ko‘ra, xorvatiyalik yarim himoyachining ayni paytdagi bozor qiymati 10 million yevroni tashkil qiladi.