\"Yuventus\" Bremerning o‘rniga kimni olib kelishi mumkinligi ma'lum bo‘ldi
Turinning "Yuventus" klubi himoyachi Gleison Bremer jamoani tark etgan taqdirda uning o‘rnini bosadigan futbolchi nomzodini aniqladi. So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, "keksa sinyora"ning asosiy maqsadi — "Bavariya" himoyachisi Kim Min Jeni o‘z safiga qo‘shib olish.
Manbalarga ko‘ra, Bremerga Angliya Premyer-ligasining bir necha klublari jiddiy qiziqish bildirmoqda. "Yuventus" esa braziliyalik futbolchini faqat moliyaviy jihatdan manfaatli taklif tushgan taqdirdagina qo‘yib yuborishga tayyor.
Klub rahbariyati Janubiy Koreya terma jamoasi himoyachisi Kim Min Jeni Bremerning eng munosib o‘rinbosari sifatida ko‘rmoqda. Tajribali markaziy himoyachi avval ham "Yuventus" kuzatuvida bo‘lgan va endi transfer yana kun tartibiga qaytgan.
Hozircha tomonlar o‘rtasida rasmiy kelishuv mavjud emas. Biroq Bremerning transferi amalga oshadigan bo‘lsa, "Yuventus" Kim Min Je bo‘yicha muzokaralarni tezlashtirishi kutilmoqdi.