«Yuventus» «Barselona»ning sobiq futbolchisini oʻz safiga qoʻshib olmoqchi
«Barselona» va «Milan» klublarining sobiq yulduzi, ayni damda Saudiya Arabistonining «Al Ahli» jamoasi sharafini himoya qilayotgan Frank Kessi yana Italiya A Seriyasiga qaytishi mumkin. Tuttosport nashri tarqatgan xabarga ko‘ra, Turinning «Yuventus» klubi futbolchini «keksa sinyora» safiga o‘tkazishga jiddiy bel bog‘lagan.
Turinliklar 29 yoshli yarimhimoyachiga yiliga 5 million yevro maosh bilan uch mavsumga mo‘ljallangan shartnoma taklif qilishgan. Biroq Jidda klubi ham qarab turgani yo‘q: «Al Ahli» rahbariyati Kessini jamoada olib qolish uchun amaldagi kelishuvni yana ikki yilga uzaytirish niyatida.
Frank Kessi 2023/2024 yilgi mavsumdan buyon Saudiya Arabistonida to‘p surib kelmoqda. Joriy mavsumda ivuarlik futbolchi barcha turnirlarda 22 ta o‘yinda maydonga tushib, 7 ta gol va 3 ta golli uzatmaga mualliflik qildi.
Uning klub bilan amaldagi shartnomasi 2026 yilning iyuniga qadar amal qiladi. Transfermarkt portali tajribali tayanch yarimhimoyachisining bozor qiymatini 12 million yevro deb baholamoqda.