\"Yuventus\" 18 yoshli iste’dod uchun 33,7 million yevro to‘laydi
Turinning "Yuventus" klubi Germaniyaning "Bayer" jamoasida to‘p surayotgan 18 yoshli iqtidorli futbolchi Kerim Alaybegovich transferini yakunlash arafasida.
Ma’lumotlarga ko‘ra, tomonlar transfer bo‘yicha deyarli kelishuvga erishgan. "Keksa sinyora" bosniyalik futbolchi uchun bonuslarni ham o‘z ichiga olgan holda 33,7 million yevro to‘laydi.
Alaybegovich so‘nggi mavsumdagi yorqin o‘yinlari va 2026-yilgi Jahon chempionatidagi ishonchli ishtiroki ortidan Yevropaning bir qator top-klublari e’tiboriga tushgandi. Unga "Chelsi" ham jiddiy qiziqish bildirgan, biroq ayni paytda "Yuventus" transfer poygasida oldinga chiqib oldi.
Turin klubi futbolchini kelajak uchun asosiy loyihalardan biri sifatida ko‘rmoqda. Transfer yaqin kunlarda rasman e’lon qilinishi kutilmoqda, biroq hozircha klublar bu borada rasmiy bayonot bergani yo‘q.