Yurgen Klopp Muhammad Salohning ketishi haqida: «Siz dunyodagi eng aqlbovar qilmas faoliyatlardan biriga guvoh bo‘ldingiz»
«Liverpul» klubi sobiq bosh murabbiyi Yurgen Klopp hujumchi Muhammad Salohning joriy mavsum yakunida jamoani tark etish borasidagi qaroriga munosabat bildirdi.
«U uzoq vaqt davomida jahon futbolidagi eng yaxshi hujumchilar uchligining bir qismi bo‘lib keldi — eng ko‘p gol urgan trio a’zolaridan biri edi. Buning o‘ziyoq ko‘p narsani anglatadi.
Men Salohning «Liverpul»dagi so‘nggi o‘yinida barchaning yuzida tabassum bo‘lishini va hamma xursand bo‘lishini juda ham xohlayman. Chunki muxlislar futbol tarixidagi eng aqlbovar qilmas faoliyatlardan birini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishga muvaffaq bo‘lishdi», — deya Kloppning so‘zlarini keltirmoqda The Anfield Wrap.
Ma’lumot o‘rnida, Muhammad Saloh 2017 yilda, aynan Yurgen Klopp murabbiylik qilayotgan davrda «Liverpul» futbolchisiga aylangan edi. Saloh va «Liverpul» seshanba kuni, 24 martda o‘zaro hamkorlikni mavsum yakunida to‘xtatishlarini rasman e’lon qilishdi.