Yurgen Klopp: «Men «Enfild» muhitini sog‘inaman, lekin hozirgi hayot tarzimdan mamnunman»
«Liverpul» klubining sobiq bosh murabbiyi Yurgen Klopp Angliyadagi faoliyati va «Enfild» stadionidagi o‘zgacha muhit haqidagi xotiralari bilan o‘rtoqlashdi. Germaniyalik mutaxassis TV2 telekanaliga bergan intervyusida o‘zining hozirgi hayoti va murabbiylikdan keyingi o‘zgarishlar haqida to‘xtalib o‘tdi.
«Men har kuni „Enfild“ muhiti menga zudlik bilan kerak, degan fikr bilan uyg‘onmayman, ammo uni sog‘inaman. Menga u yerda ishlash juda yoqar edi. Men mehnat qilishni yaxshi ko‘raman va doim harakatdaman. Biroq hozir hammasi boshqacha: uch kun ishlab, keyingi to‘rt kun davomida hech narsa qilmasligim mumkin. Bu men uchun hozirgacha bo‘lgan eng yaxshi tartibdir», — deydi Klopp.
Mutaxassisning ta’kidlashicha, u tabiatan harakatsiz o‘tirishga moslashmagan, biroq dam olish va ish o‘rtasidagi muvozanatni topish unga yangi kuch bag‘ishlagan:
«Men shunchaki bekorchi bo‘lish uchun tug‘ilmaganman. Lekin hayotdan ko‘proq narsani olish yo‘lini topishim kerak edi».
Eslatib o‘tamiz, Yurgen Klopp ayni damda «Red Bull» tizimidagi futbol departamenti rahbari lavozimida faoliyat yuritmoqda. U ushbu lavozimda kompaniya tasarrufidagi klublarning strategik rivojlanishi va futbol loyihalarini muvofiqlashtirish bilan shug‘ullanadi.