Yurgen Klopp Germaniyada yangi futbol ligasini tashkil qilmoqchi
«Liverpul»ning sobiq ustozi, ayni damda «Red Bull» tizimida global futbol bo‘limi rahbari sifatida faoliyat yuritayotgan Yurgen Klopp nemis futboli poydevorini tubdan o‘zgartiradigan loyiha ustida ishlamoqda. Bild nashrining xabar berishiga ko‘ra, Klopp Germaniyada yangi futbol ligasini tashkil etish rejalarini tuzmoqda.
Kloppning maqsadi — yosh iqtidorlarga Bundesligaga o‘tishdan oldin zarur tajriba to‘plash imkonini beruvchi U21 ligasini yaratishdir. Bu loyihada unga Markus Kyoshe, Sami Xedira, Andreas Rettig va Mark Lens kabi taniqli mutaxassislar hamrohlik qilmoqda.
Bunday tashabbusga nemis futbolidagi og‘riqli nuqta — yosh iste’dodlarning asosiy jamoalarga yorib kirishi haddan tashqari qiyinlashib ketgani sabab bo‘lgan.
Tashkilotchilar amaldagi tizimning bir qator achinarli kamchiliklarini ochib berishdi: bugungi kunda Yevropaning eng sermahsul 100 ta akademiyasi ro‘yxatiga Germaniyaning atigi 9 ta maktabi kira olgan, xolos. Bundan tashqari, Bundesliga «kuchli beshlik» ligalari ichida o‘z tarbiyalanuvchilariga eng kam imkoniyat beradigan chempionatga aylanib qolgan — oliy diviziondagi jami o‘yin vaqtining 85 foizi akademiyalardan chiqmagan futbolchilar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Klopp va uning jamoasi aynan shu muammolarni bartaraf etish orqali Germaniya futbolining kelajagini qutqarib qolishni ko‘zlagan.