Yurgen Klopp Germaniya terma jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlanishini tasdiqladi
Germaniyalik mutaxassis Yurgen Klopp Germaniya milliy terma jamoasi bosh murabbiyi lavozimiga tayinlanishi borasidagi xabarlarni shaxsan tasdiqladi.
"Biz bu haqda rasman e’lon qilishga juda yaqin turibmiz. Ideal holatda, yaqin bir necha kun ichida barchasi aniq bo‘ladi", — deya Kloppning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda insayder jurnalist Fabrisio Romano o‘zining X ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida Magenta TV telekanaliga tayanib.
Avvalroq matbuotda 59 yoshli mutaxassis kelasi juma kuni, ya’ni 24-iyul kuni Frankfurtda Germaniya futbol ittifoqi (DFB) bilan rasmiy shartnoma imzolashi haqida xabarlar tarqalgan edi. Yangi bosh murabbiyning kelishuvi 2030-yilgi Jahon chempionatiga qadar amal qilishi ko‘zda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, Yurgen Klopp 2025-yildan buyon "Red Bull" kompaniyasida xalqaro aloqalar bo‘yicha direktor lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda va uning amaldagi shartnomasi 2029-yil oxirigacha tuzilgan. "Red Bull"dagi faoliyatiga qadar esa tajribali mutaxassis 2015-yildan 2024-yilgacha Angliyaning "Liverpul" klubini muvaffaqiyatli boshqargan.