«Yunion Berlin» Rahim Sterlingni sotib olishdan bosh tortdi
«Chelsi»ning sobiq hujumchisi Rahim Sterlingning xizmatlari Berlinning «Yunion» klubiga taklif qilindi. Bu haqda taniqli insayder Florian Plettenberg xabar bermoqda.
Manbaning ma’lum qilishicha, bir necha kun avval «Chelsi» bilan shartnomasini bekor qilgan 31 yoshli futbolchini Berlin klubiga transfer qilish bo‘yicha taklif berilgan. Biroq, nemis jamoasi ushbu taklifni rad etgan va muzokaralarga kirishishni istamagan.
Hozirda Sterling erkin agent maqomida bo‘lgani sababli, u transfer oynasi yopilganiga qaramay, istalgan jamoa bilan shartnoma imzolash huquqiga ega. Hujumchi yangi jamoa qidirishda davom etmoqda.
Ma’lumot uchun, Rahim Sterling 2022 yildan buyon «Chelsi» sharafini himoya qilib kelayotgan edi. Londonliklar safidagi faoliyati davomida u 81 ta uchrashuvda maydonga tushib, 19 ta gol va 15 ta samarali uzatmaga mualliflik qildi.