locale OZ

Yubiley chempionat: shiddatli start, kuchaygan raqobat!

Futzal bo‘yicha mamlakat XXX milliy chempionati — Oliy liga bahslari o‘ziga xos shukuh va ko‘tarinki kayfiyat bilan boshlandi.
Yubiley chempionat: shiddatli start, kuchaygan raqobat!
photo: UFF

Yubiley chempionat: shiddatli start, kuchaygan raqobat!

Futzal bo‘yicha mamlakat XXX milliy chempionati — Oliy liga bahslari o‘ziga xos shukuh va ko‘tarinki kayfiyat bilan boshlandi.

Mavsum oldidan Oliy liganing barcha ishtirokchilari faoliyatini yangi moliyaviy boshqaruv tizimiga o‘tkazib, mas’uliyati cheklangan jamiyat sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Aksariyat jamoalarni futzalga mehr va muhabbati baland tashkilotlar o‘z homiyligiga oldi.

Klublar tarkibidagi legionerlar geografiyasi kengaydi. Barcha jamoalarda iqtidorli yosh futzalchilar qo’shib olindi. Bir so‘z bilan aytganda, mavsum boshlanmasidan avvalyoq uning qiziqarli va murosasiz kurashlar ostida o‘tishi kutilayotgan edi.

Jizzax shahridagi Viloyat futbol akademiyasi sport zalida o‘tkazilgan 1-tur bahslari esa bu kutilmalarni to‘liq oqladi.

Maydonda nafaqat grand jamoalar, balki Liga debyutantlari va yangi tashkil etilgan klublar ham munosib kurash olib borishdi. Uchrashuvlarda jamoalar o‘rtasidagi farq minimal darajaga tushgani, futzalchilarning g‘alabaga bo‘lgan ishtiyoqi va maydondagi shijoati muxlislar hamda mutaxassislarga manzur bo‘ldi.

18 uchrashuv, uchta durang, 114 ta gol — ko‘plab yorqin taassurotlar!

Olti kun davomida muxlislar biri-biridan qiziqarli va murosasiz 18 ta uchrashuv guvohi bo‘lishdi.

Bahslarda sermahsullik oshdi, yangi nomlar kashf etildi, to‘purarlar poygasidagi raqobat yanada kuchaydi.

Ayniqsa, Eron Islom Respublikasidan taklif etilgan legionerlar o‘zlarining sifatli o‘yinlari bilan e’tiborni tortishdi. Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Rossiyadan kelgan futzalchilar ham munosib o‘yin namoyish etib, muxlislar olqishiga sazovor bo‘lishdi.

1-turdan keyingi holat

Amaldagi chempion — BMB PFC birinchi turda yuz foizlik natija qayd etgan yagona jamoa bo‘ldi. Qatorasiga to‘rt yildan buyon chempionlikni qo‘ldan boy bermay kelayotgan BMB uchta uchrashuvning barchasida g‘alaba qozonib, 9 ochko jamg‘ardi.

«Nurafshon» esa ikki g‘alaba va bir durang bilan 7 ochko to‘plab, ikkinchi pog‘onadan joy oldi.

Toshkent viloyatining «Olmaliq» jamoasi ham turni mag‘lubiyatsiz yakunladi. Biroq Konstantin Sviridov shogirdlari ikkita bahsda durang qayd etib, faqat bir uchrashuvda g‘alaba qozonishdi.

To‘rtta jamoa — 6 ochkodan

Liga debyutantlari — «Xorazm» va «Sayxun», mamlakat vitse-chempioni SQB hamda «Maksam-Chirchiq» jamoalari ikkitadan uchrashuvda g‘alaba qozonib, bittadan bahsda imkoniyatni boy berishdi.
«Nasaf» esa uchta uchrashuvda ham raqiblariga jiddiy qarshilik ko‘rsatganiga qaramay, bir g‘alaba va ikki mag‘lubiyat bilan 3 ochko jamg‘ardi.

«Neftchi», «Lochin» va «Samarqand» jamoalari bittadan durang qayd etishdi.

«Zarafshon» esa uchta uchrashuvning barchasida mag‘lub bo‘ldi. Shunga qaramay, Abdulla Bo‘riyev shogirdlarining o‘yini muxlislarda iliq taassurot qoldirdi. Yangi jamoaning o‘z o‘yinini shakllantirib olishi uchun biroz vaqt kerak.

Keyingi manzil — Qarshi!

Oliy liganing navbatdagi tur bahslari 28-sentabrdan 3-oktabrgacha Qarshi shahridagi «Geolog» sport majmuasida bo‘lib o‘tadi.

Jamoalar bu vaqt davomida tayyorgarlikni kuchaytirib, raqiblar o‘yinini yanada chuqur o‘rganish imkoniga ega bo‘lishadi.

Ishonch bilan aytish mumkinki, Qashqadaryo turi ham futzal muxlislariga ko‘plab unutilmas lahzalarni taqdim etadi.

Yubiley chempionat endigina boshlandi. Oldinda esa yanada shiddatli, murosasiz va sermahsul bahslar kutmoqda!

Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting