locale OZ

Yozgi transfer oynasida kutilayotgan transferlar

Klublar allaqachon kelgusi bitimlar ustida ish boshlagan.
Futbol
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
Yozgi transfer oynasida kutilayotgan transferlar
ФОТО: Getty images

Evroklublar allaqachon kelgusi bitimlar ustida ish boshlagan, garchi transfer oynasi hali ochilmagan bo‘lsa ham. Oldimizda 2026-yilgi Jahon chempionati ham bor. Shunga qaramasdan, klublar kelajakdagi transferlar ustida faol harakat qilmoqda.

Ommaviy axborot vositalarida bir qator qiziqarli ssenariylar paydo bo‘ldi: bir nechta yulduzlar jamoasini o‘zgartirishi mumkin! Qaysi transferlar bo‘yicha muzokaralar allaqachon boshlangan? Quyida shu haqida so‘z yuritamiz.

Entoni Gordon: “Nyukasl” → “Barselona”

“Barselona” atigi bir kun ichida Entoni Gordon transferi borasida kelishuvga erishdi! Jurnalist Ben Jeykobzning xabariga ko‘ra, kataloniyaliklar “Nyukasl” vingerini 81 million yevro evaziga xarid qiladi. Entoni allaqachon Kataloniyaga yo‘l olgan va tez orada “Barselona” futbolchisiga aylanadi.

Bu transfer “Barselona” tarixidagi eng qimmat 7 ta bitimdan biri bo‘ladi.

O‘tgan mavsumda Gordon “Nyukasl” safida 46 o‘yinda 17 ta gol va 5 ta assist qayd etdi. E’tiborlisi, u 10 ta golni Chempionlar ligasida urdi va turnirning uchinchi to‘purari bo‘ldi — faqat Garri Keyn va Kilian Mbappedan ortda qoldi.

Oldinda Jahon chempionati turgan bir paytda, Gordon ehtimol Angliya terma jamoasida chap qanotda asosiy variantga aylanishi mumkin. U “Barselona”ga medal bilan qaytishi ham ehtimoldan xoli emas.

Yan Diomand: “RB Leyptsig” → “Liverpul” / “PSJ”

“Liverpul” aprel oyidan beri Saloh o‘rniga futbolchi izlamoqda. Asosiy nomzod — “RB Leyptsig” vingeri Yan Diomand. The Athletic jurnalisti David Ornshteyn ma’lumotiga ko‘ra, nemislar futbolchi uchun 100 million yevrodan ortiq so‘rayapti.

Biroq bu yagona muammo emas — “PSJ” ham ushbu transfer uchun kurashmoqda. Ikkala klub ham futbolchining agentlari bilan muzokara olib bormoqda. Shu bilan birga, “Leyptsig” Diomandga yangi shartnoma taklif qilgan.

Qizig‘i, futbolchi ayni paytda yuridik mojaro markazida. Bu holat ham uning jamoada qolib ketish ehtimolini oshirmoqda.

Bredli Barkola: “PSJ” → “Liverpul”

“Liverpul” uchun alternativ variant — Bredli Barkola. Fransuz futbolchisi o‘tgan mavsumda asosan zaxiradan tushgan.
Biroq bu transfer ham oson emas. “PSJ” Barkolani sotish uchun o‘rniga boshqa futbolchi topishi kerak. Asosiy nomzod esa yana o‘sha Diomand.

Shu sababli, bu zanjirli jarayon: Diomand qayerga o‘tsa, Barkolaning taqdiri ham shunga bog‘liq bo‘ladi.

Endryu Robertson: “Liverpul” → “Tottenhem”

Robertson 9 yildan so‘ng “Liverpul”ni tark etmoqda. 32 yoshli himoyachi erkin agent sifatida ketadi.

Asosiy variantlar — “Tottenhem” va “Yuventus” edi. Hozirda u London klubiga o‘tishga juda yaqin. Fabrizio Romanoning aytishicha, shotlandiyalik himoyachi “shporlar”ga o‘tishga rozilik bildirgan.

Savinyo: “Manchester Siti” → “Tottenhem”

“Tottenhem” Savinyoga yana qiziqmoqda. O‘tgan mavsumda u kutilgan darajada o‘yin ko‘rsata olmadi.

Shu sababli, uni sotib olish hozir ancha osonlashgan. Transfer summasi taxminan 60 million funt atrofida. Braziliyalik futbolchi ham muhitni o‘zgartirishga qarshi emas.

Gulielmo Vikario: “Tottenhem” → “Inter”

“Inter” darvozabon pozitsiyasini yangilashni rejalashtirmoqda. Asosiy nomzod — Vikario.
Milanliklar allaqachon futbolchi bilan shaxsiy shartnoma bo‘yicha kelishib olgani aytilmoqda. Biroq klublar hamon kelisha olmayapti.

Xulian Alvares: “Atletiko” → “Barselona”

Alvares “Atletiko”ni tark etmoqchi. Asosiy sabab — u kattaroq loyihada o‘ynashni istaydi.

“Barselona” unga asosiy da’vogar, ammo transfer narxi (150+ mln yevro) katta muammo. Klub dastlabki taklifni yuborishga tayyorlanmoqda.

Bundan tashqari, “PSJ” va “Arsenal” ham futbolchiga jiddiy qiziqish bildirmoqda. Alvares esa “Barselona”ga o‘tishni istamoqda.

Ederson: “Atalanta” → “Manchester Yunayted”

Ikki yillik muzokara nihoyasiga yetishi mumkin. “MYu” nihoyat Edersonni xarid qilishga yaqin.

Transfer summasi 40,5 mln yevro + bonuslar bo‘lishi kutilmoqda. Futbolchi ham “qizil iblislar” bilan bitim imzolashga rozilik bergan. Hozirda tomonlar o‘rtasida muzokaralar davom etmoqda.

Bernardu Silva: “Manchester Siti” → “Atletiko”

Bernardu Silva “Siti”ni tark etmoqda. U Yevropa futbolida qolishni xohlaydi.

Eng real variant — “Atletiko”. Tomonlar muzokara olib bormoqda.
Maosh masalasida hali yakuniy kelishuv yo‘q, biroq u baribir jamoaning eng yuqori maosh oluvchilaridan biri bo‘ladi. Avvalroq “Yuventus” ham taklif bilan chiqqandi, biroq u Turinga o‘tishni istamadi.

Roziqjon Sultonmurodov
Roziqjon Sultonmurodov
Jurnalist
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting