Yoxan Kroyffning oʻgʻli «Ayaks»da ish boshladi
Amsterdamning «Ayaks» klubi Yoxan Kroyffning o‘g‘li Yordi Kroyffni klubning texnik direktori lavozimiga tayinladi. Mutaxassis o‘z vazifalarini 2026 yil 1 fevraldan boshlab bajaradi, shartnoma esa 2028 yil iyunigacha amal qiladi. Bu haqda klubning rasmiy sayti xabar berdi.
«Bu men uchun juda alohida lahza — shu yerda bo‘lish va shartnoma imzolash. Otam nomi bilan atalgan stadionda, hayotimda yoshligimdan muhim o‘rin tutgan klubda ishlash men va oilam uchun naqadar katta ahamiyatga ega ekanini o‘ziyoq anglatadi. Fevral oyidan boshlab butun e’tiborimni «Ayaks»ga qarataman. Bu katta mas’uliyat va faxr. Klub rahbariyatiga bildirilgan ishonch uchun minnatdorchilik bildiraman. «Ayaks» boy tarixga ega noyob klub, u bilan birgalikda yangi va muvaffaqiyatli sahifa ochish uchun bor kuchimni ishga solaman», — dedi Kroyff tayinlov munosabati bilan.
Yordi Kroyff faoliyatini «Ayaks» yoshlar akademiyasida boshlagan, keyinchalik Ispaniyaga ko‘chib, «Barselona» bilan shartnoma imzolagan. Professional futbolchi sifatida u «Barselona» va «Manchester Yunayted» sharafini himoya qilgan, shuningdek, Niderlandiya terma jamoasi safida to‘qqizta o‘yinda maydonga tushgan. Futbolchilik faoliyatini yakunlagach, Kroyff xalqaro futbolda turli lavozimlarda ishladi, jumladan, «Makkabi» va «Barselona» klublarida sport direktori bo‘lib faoliyat yuritgan. Hozirda u Indoneziya futbol assotsiatsiyasi maslahatchisi ham hisoblanadi.