Yosh futbolchi qizlarning g‘alabaga intilishi maydonda namoyon bo‘ldi
Ayni kunlarda Urganch shahrida 2012–2014 yilda tug‘ilgan (U-14) qizlar o‘rtasida O‘zbekiston chempionatining II-mintaqaviy bosqich o‘yinlari davom etmoqda.
Bugun “Yoshlik” sport majmuasida futbol bo‘yicha qizlar o‘rtasidagi musobaqaning 2-tur uchrashuvlari yuqori ruh va murosasiz kurashlarga boy tarzda bo‘lib o‘tdi. Bellashuvlar davomida yosh futbolchi qizlarning sportga bo‘lgan mehr-muhabbati, maydondagi faolligi, jamoaviy harakatlari hamda g‘alaba sari bo‘lgan ulkan ishtiyoqlari barchaning e’tiborini tortdi.
Mazkur musobaqa nafaqat yosh iste’dodlarni kashf etish, balki ayollar futbolini yanada rivojlantirish, qizlarning sportga bo‘lgan qiziqishini oshirish va ularni professional futbol sari ruhlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ishonch bilan aytish mumkinki, bugun maydonda to‘p surayotgan yosh futbolchilar orasidan kelajakda yurtimiz sharafini xalqaro maydonlarda munosib himoya qiladigan, O‘zbekiston ayollar futbolini dunyoga tanitadigan iste’dodli sportchilar yetishib chiqadi.