YL. \"Manchester Yunayted\" \"Atletik\"ni yer tishlatdi!
Yevropa ligasining yarim final javob uchrashuvlari doirasidagi “Manchester Yunayted”-"Atletik Bilbao" qarama-qarshiligi bo'lib o'tdi.

“Qizil iblislar” mehmonda 0:3 hisobida g'alaba qozonib, bir oyog'i bilan finalda turgan edi. Ikkinchi o'yinda ham Amorim shogirtlari raqibni ayab o'tirmadi.

Bahsning 31 daqiqasida “Atletik” futbolchisi Mikel Jauregizar uzoq masofadan juda chiroyli tarzda kuchli zarba bilan hisobni ochdi. Jamoalar 0:1 hisobi bilan tanaffusga yo'l olishdi.

Ikkinchi bo'limda “Yunayted” yanada ko'proq ishtiyoq bilan maydonda harakat qildi. O'yinning 72 daqiqasida Mount hisobni tenglashtirdi. 1:1.

Oradan 7 daqiqa o'tib, Maguayer tomonidan oshirib berilgan topni Kazemiro boshi bilan darvozaga aniq yo'llash orqali inglizlarni oldinga o'tib olishiga sababchi bo'ldi, 2:1.

85 daqiqada Diallo ispanlar jarima maydonchasi ichida, “Atletik” himoyachisi oyoqlari orasidan o'tkazib mohirona pas berdi va bu vaziyatdan Hoylund unumli foydalandi, 3:1.

Asosiy daqiqaga qo'shib berilgan birinchi daqiqada Mount tomonidan kiritilgan ikkinchi gol “Yunayted”ning sobiq yulduzi David Bekxem tomonidan maydon markazidan “mixlab” qo'yilgan o'sha mashxur golga o'xshab ketdi, 4:1.

Shu tariqa “Manchester Yunayted” ikki o'yin natijasiga ko'ra umumiy 7:1 hisobida Valverde shogirtlarini mag'lubiyatga uchratib, final yo'llanmasini qo'lga kiritdi.