locale OZ

Yil yakunlari. O'zbek futbolidagi 7 voqea

Asosiy voqealarni e'tiboringizga havola qilamiz.
Futbol
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
Yil yakunlari. O'zbek futbolidagi 7 voqea
Фото: ЎФА

2025 yil o'zbek futboli uchun unutilmas voqealarga boy bo'ldi. Yangi sahifalar ochildi, tarix yozildi. Sports24.uz ushbu voqealarni eslab o'tishga qaror qildi.

Abduqodir Husanov “Manchester Siti” a'zosi

Ha, deyarli bir yil oldin Abduqodir Husanov “Manchester Siti” futbolchisiga aylangan edi. Aslida, bu xabar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalganida ko'pchilik bunga ishonmagan, shunchaki mish-mish sifatida qabul qilgandi. “Shaharliklar” uzoq davom etgan muzokaralarni ijobiy yakunlab, futbolchini “Lens”dan sotib olishdi. Garchi hozirda Husanov asosiy tarkib a'zosi bo'lmasa-da, Gvardiolaning qo'l ostida futbolchi sifatida o'smoqda. To'playotgan ulkan tajribasi yordamida, u “Siti”ning asosiy tarkib futbolchisiga aylanishi mumkin.

34 yil kutilgan JCH

Ha, azizlar. Axir, jahon chempionatiga chiqishni 34 yil davomida kutdik. Mustaqillikdan keyingi davrda futbolimiz rivojlandi va rivojlanishda davom etmoqda. Turli yoshdagi jamoalarda muvaffaqiyatlarga erishishda davom etyapmiz. Ammo milliy terma jamoaning jahon chempionatiga chiqishi orzu bo'lib qolayotgandi. Nihoyat, bu maqsadga erishildi. Sreçko Katanets bilan boshlangan saralash o'yinlarini Temur Kapadze bilan yakunladik. Sloveniya mutaxassisi sog'ligidagi muammolar sababli lavozimidan ozod etildi. Kapadze bilan maqsadga erishdik. Futbolchilarimiz o'chirilmaydigan zarvaraklarga o'z ismlarini yozib qo'yishdi. Endi kelasi yilda bo'ladigan jahon chempionatini kutyapmiz. Guruhda Portugaliya va Kolumbiya kabi jamoalarga qarshi o'ynaymiz. So'nggi raqibimiz mart oyidagi qit'alararo pley-off orqali aniqlanadi.

17 yoshli futbolchilar Osiyo chempioni

Bu yoshda ikkinchi bor Osiyoda tengsiz deb topildik. Dastlab 2012 yilda Dilshod Nuraliyev qo'l ostida Eron maydonlarida qit'a chempionatida g'alabaga erishgandik. Islom Ismoilov bilan ham Osiyo chempioni degan nomga sazovor bo'ldik. Finalda mezbon Saudiya Arabistoniga qarshi o'ynab, garchi son jihatidan kamchilikda qolgan bo'lsak-da, g'alabani tortib oldik. Ikki nafar futbolchimiz maydondan chetlatildi, lekin yigitlar mardonavor kurashib, 2 ta gol urgani bilan tarixiy voqeaning guvohi bo'ldik.

Keyinchalik ushbu yoshlarimiz jahon chempionatida qatnashib, guruhdan chiqib, pley-offda Xorvatiyani, chorak finalda esa Italiyaga qarshi bellashuvda mag'lub bo'ldi.

Fabio Cannavaro kelishi

Jahon chempionatiga chiqish vazifasi uddalangandan so'ng, terma jamoa bosh murabbiyligi uchun bir qator xorijlik mutaxassislar nomzodlari o'rganildi. Maqsad mundialga katta nomdagi murabbiy bilan borish edi. Yoahim Lev, Paulu Bentu kabi murabbiylar bilan muzokaralar o'tkazildi. Yakunda esa Fabio Cannavaro bilan kelishuvga erishildi. Futbolchi sifatida u JCH g'olibi bo'lgan, “Oltin to'p”ni ham qo'lga kiritgan. Uning tayinlanishi ham tarixiy voqealardan biriga aylandi. Endi Fabio bo'lajak mundialga terma jamoamizni boshlab boradi.

Terma jamoa bilan sovrinlar

2025 yil milliy terma jamoa uchun chinakam omadli o'tdi. Avval sentabr oyida Toshkentda tashkil etilgan KAFA kubogida g'olib chiqdi. Finalda Eronni 1:0 hisobida mag'lub etdi. Keyin noyabr oyida BAAda Eron, Misr va Kabo-Verde milliy jamoalari ishtirokidagi xalqaro o'rtoqlik turnirida ham zafar quchdi. Yarim finalda Salah, Marmush kabi futbolchilarga ega Misr ustidan 2:0 hisobida zafar quchdi. Finalda esa yana Eron dog'da qoldirildi.

“Neftchi”ning 24 yil kutilgan chempionligi

Superligada o'tgan mavsum esda qolarli voqealarga boy tarzda yakunlandi. “Nasaf” chempionatning katta qismini yetakchi sifatida chempionlik sari harakat qildi. Ammo “Neftchi” 24 yillik tanaffusdan so'ng yana g'olib bo'lishga muvaffaq bo'ldi. “Chinorlar” so'nggi bor Yuriy Sarkisyan davrida bunday nomga ega bo'lishgandi. Vitaliy Levchenko boshqaruvida tarix takrorlandi. Farg'onaliklar mavsum yakuniga 2 tur qolganda “Paxtakor”, “Nasaf” va “Dinamo”ni ortda qoldirib, o'z maqsadiga erishdi.

Shomurodovning Turkiyadagi sermahsulligi

Eldor Turkiya chempionatida ajoyib mavsumlardan birini o'tkazmoqda. “Istanbul Bashakshehir” uchun debyut golini urishda qiynalgan 30 yoshli hujumchi hozirda 12 ta gol muallifiga aylandi. Gol+pas bo'yicha ham chempionatning eng yaxshi futbolchisi hisoblanadi. Natijada u jamoaning asosiy yulduziga aylandi. Shu tarzda davom etsa, Turkiya Superligasi to'purarga aylanish ehtimoli ham bor.

Roziqjon Sultonmurodov
Roziqjon Sultonmurodov
Jurnalist
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting