Yevropaning ikki klubi Vinisiusni o‘z safiga qo‘shib olishga tayyor
“Real” klubi hujumchisi Vinisius Junior bilan shartnomani uzaytirish bo‘yicha olib borayotgan muzokaralarni vaqtincha to‘xtatdi. Bu haqda Ispaniyaning Fichajes nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Vinisius yangi kelishuv bo‘yicha shoshilmayapti. Braziliyalik futbolchi “Real”dagi eng ko‘p maosh oluvchi o‘yinchiga aylanishni istamoqda. Biroq klub rahbariyati bu talabni qondirish niyatida emas. Natijada tomonlar o‘rtasidagi muzokaralar hozircha to‘xtab qolgan.
Bundan Yevropaning boshqa jamoalari unumli foydalanmoqchi. Xususan, “Pari Sen-Jermen” va “Manchester Siti” jamoalari Vinisiusni o‘z saflariga qo‘shib olishga tayyor. Manbada aytilishicha, har ikki klub unga “Real”dan ko‘ra moliyaviy jihatdan afzalroq taklif tayyorlamoqda.
Ma’lumot uchun, Vinisius Junior 2018 yildan beri “Real” safida to‘p suradi. U klub sharafini 322 ta o‘yinda himoya qilib, 106 ta gol va 83 ta golli uzatmaga mualliflik qilgan. Futbolchining amaldagi shartnomasi 2027 yil yozigacha amal qiladi. Transfermarkt portali braziliyalik hujumchining transfer qiymatini 170 million yevro deb baholagan.