Yevropaning besh top-klubi “Shtutgart”ning 20 yoshli himoyachisiga qiziqmoqda
“Shtutgart” himoyachisi Finn Yelch Yevropaning bir qator top-klublari e’tiboriga tushdi. 20 yoshli germaniyalik futbolchini “Arsenal”, “Liverpul”, “Manchester Yunayted”, “Bavariya” va “Yuventus” o‘z safiga qo‘shib olishga qiziqmoqda. Bu haqda insayder Ekrem Konur ma’lum qildi.
Manbaga ko‘ra, “Shtutgart” yosh himoyachisini sotishga rozi bo‘lsa, uning transferidan qariyb 50 million yevro ishlab olishni maqsad qilgan. Yelchning klub bilan amaldagi shartnomasi 2030-yil 30-iyungacha mo‘ljallangan.
Germaniya yoshlar terma jamoasi a’zosi joriy Bundesliga mavsumida ikki uchrashuvda maydonga tushib, bitta golli uzatmani amalga oshirdi. Shuningdek, u bir marta sariq kartochka oldi. Transfermarkt futbolchining bozor qiymatini 35 million yevro deb baholamoqda.
Ma’lumot uchun, Finn Yelch markaziy himoyachi sifatida harakat qiladi va “Shtutgart” safiga 2025-yil fevralida “Nyurnberg”dan kelib qo‘shilgan. U 2025-yilda Germaniyaning U19 toifasidagi eng yaxshi yosh futbolchilariga beriladigan Fritz Valter oltin medalini ham qo‘lga kiritgan.