Yevropa Ligasi gʻolibligi uchun asosiy favorit maʼlum boʻldi — Opta
Opta superkompyuteri Yevropa Ligasining umumiy bosqichi yakunlanishi bilan turnir g‘olibligi uchun o‘z prognozlarini yangiladi. Tahliliy model musobaqa bosh sovrini uchun yaqqol favoritni aniqlab berdi — bu jamoa imkoniyatlar borasida raqiblaridan ancha ilgarilab ketgan.
Superkompyuter hisob-kitoblariga ko‘ra, bosh sovrin uchun asosiy da’vogar — «Aston Villa». Unai Emeri shogirdlarining chempionlik imkoniyati 44% deya baholanmoqda. Bu ko‘rsatkich eng yaqin ta’qibchining imkoniyatidan qariyb to‘rt baravar ko‘pdir.
Reytingning ikkinchi pog‘onasidan «Roma» (10,1%) joy olgan bo‘lsa, kuchli uchlikni «Portu» (9,3%) yakunlab berdi. Shuningdek, kuchli beshlikdan «Lion» (7,5%) va «Nottingem Forest» (5,3%) klublari ham o‘rin oldi. Qolgan ishtirokchilarning g‘alaba qozonish imkoniyati 5 foizdan past deb ko‘rilmoqda.
Opta talqiniga ko‘ra, top-10 talikka «Shtutgart», «Braga», «Betis», «Frayburg» va «Midtyullann» jamoalari ham kiritilgan. Tahlilchilarning alohida ta’kidlashicha, «Aston Villa»ga berilgan bunday yuqori foiz pley-off bosqichi uchun kamdan-kam uchraydigan holat bo‘lib, bu jamoaning umumiy bosqichdagi barqaror o‘yinidan dalolat beradi.