Yevropa klubi o‘zbekistonlik futbolchini o‘z safiga qo‘shib olishdan manfaatdor
Turkiya Superligasi vakili "Galatasaroy" klubi TSSKAning hujumkor yarim himoyachisi Abbos Fayzullayevga qiziqish bildirmoqda. 21 yoshli o‘yinchi Moskva klubi va O‘zbekiston milliy terma jamoasining muhim futbolchilaridan biri hisoblanadi. Dekabr oyida u 2024-yilning Osiyodagi eng yaxshi futbolchisi deb e’tirof etildi. O‘zbekistonlik futbolchining "TSSKA" bilan shartnomasi 2026-yilning o‘rtalarigacha amal qiladi.
Yarimhimoyachi joriy mavsumda Rossiya Premer-ligasida 19 ta o‘yinda ishtirok etib, 2 ta gol urdi va 3 ta gol uzatmasini amalga oshirdi. Transfermarkt portali Fayzullayevning transfer qiymatini 8 million yevroga baholamoqda.
Turkiyaning "Galatasaroy" klubi UEFA Kubogi va Superkubogi sovrindori hisoblanadi. Hozirgi kunda u chempionat turnir jadvalida peshqadamlik qilmoqda.