YChL. Chorak final bosqichining ilk juftligi aniqlandi
UEFA Chempionlar Ligasi chorak final bosqichining ilk juftligi ma’lum bo‘ldi. Yevropaning eng nufuzli klublararo turnirining keyingi bosqichida Portugaliyaning «Sporting» hamda Angliyaning «Arsenal» jamoalari o‘zaro to‘qnash keladigan bo‘lishdi.
Ushbu jamoalar o‘rtasidagi dastlabki uchrashuv 7 aprel, seshanba kuni, javob bahsi esa 14 aprel sanasida bo‘lib o‘tishi belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, 1/8 final bosqichida Lissabon klubi Norvegiyaning «Budyo-Glimt» jamoasiga qarshi bahs olib bordi. Birinchi o‘yindagi 0:3 hisobidagi mag‘lubiyatdan so‘ng, o‘z maydonida 5:0 hisobida g‘alaba qozonib, ajoyib «kambek»ni amalga oshirdi. «Kanonirlar» esa ikki o‘yin natijasiga ko‘ra Germaniyaning «Bayer» klubidan ustun kelishdi (1:1, 2:0).
Bundan tashqari, seshanba kungi o‘yinlar natijasiga ko‘ra Fransiyaning «PSJ» va Ispaniyaning «Real» jamoalari ham kuchli sakkizlikdan joy olishdi. Madridliklar va parijliklarning chorak finaldagi raqiblari 18 mart, chorshanba kuni bo‘lib o‘tadigan qolgan uchrashuvlardan so‘ng aniq bo‘ladi.