YChL. «Barselona» safarda «Slaviya»ni ishonchli hisobda magʻlub etdi
Chempionlar ligasining umumiy bosqichi 7-turidan o‘rin olgan «Slaviya» — «Barselona» uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Unda Kataloniya klubi 4:2 hisobida g‘alaba qozondi.
Hisob 10-daqiqada ochildi — «Slaviya» yarimhimoyachisi Vasil Kushey mezbonlarni oldinga olib chiqdi. 34-daqiqada «Barselona» futbolchisi Fermin Lopes muvozanatni tikladi, sakkiz daqiqa o‘tib esa u dubl qayd etib, mehmonlarni hisobda oldinga olib chiqdi. Birinchi bo‘lim yakuniga yaqin, 44-daqiqada Robert Levandovskining avtogoli tufayli «Slaviya» yana hisobni tenglashtirdi.
Ikkinchi bo‘limda ustunlik «Barselona» tomonida bo‘ldi. 64-daqiqada Dani Olmo mehmonlarni yana oldinga olib chiqdi. 71-daqiqada esa Robert Levandovski gol urib, uchrashuvga mantiqiy nuqta qoʻydi — 4:2.
Mazkur natijadan so‘ng «Slaviya» 3 ochko bilan turnir jadvalida 34-o‘rinda qolmoqda. «Barselona» esa 13 ochko jamg‘arib, 9-pog‘onaga ko‘tarildi.
Chempionlar ligasining umumiy bosqichidagi so‘nggi turda «Slaviya» 28-yanvar kuni «Pafos»ga qarshi maydonga tushadi. «Barselona» esa xuddi shu kuni «Kopengagen» bilan bahs olib boradi.
Eslatib o‘tamiz, 2025/2026 yilgi Chempionlar Ligasi finali Vengriyaning Budapesht shahridagi «Pushkash Arena» stadionida bo‘lib o‘tadi. Hal qiluvchi uchrashuv 2026 yil 30 may kuniga belgilangan.
YChL. 7-tur
«Slaviya» — «Barselona» 2:4
Gollar: Kushey (10), Levandovski (avtogol, 44) — Fermin (34, 42), Olmo (64), Levandovski (71).