YChL. «Barselona» safarda «Atletiko»ni magʻlub etdi, biroq turnir bilan xayrlashdi
UEFA Chempionlar Ligasining chorak finalidan o‘rin olgan «Atletiko Madrid» va «Barselona» jamoalari o‘rtasidagi javob uchrashuvi yakunlandi. Madriddagi «Sivitas Metropolitano» stadionida kechgan bahsda kataloniyaliklar 2:1 hisobida g‘alaba qozonishdi, biroq dastlabki o‘yinda «matraschilar»ning qo‘li baland kelgani (2:0) sababli, umumiy natija bo‘yicha Madrid klubi keyingi bosqichga yo‘l oldi.
Uchrashuvni Kleman Tyurpen boshchiligidagi hakamlar brigadasi boshqarib bordi. O‘yinning 4-daqiqasida Lamin Yamal hisobni ochib, mehmonlarni oldinga olib chiqdi. 24-daqiqada Ferran Torres «ko‘k-anorranglilar»ning ustunligini mustahkamladi. 31-daqiqada esa Ademola Lukman mezbonlarning javob golini urishga muvaffaq bo‘ldi.
Ikkinchi bo‘limning 55-daqiqasida Ferran Torres raqib darvozasiga uchinchi golni ham kiritgan edi, biroq ofsayd sababli ushbu gol inobatga olinmadi. O‘yin yakunlanishi arafasida, 80-daqiqada mehmonlar himoyachisi Erik Garsiya qizil kartochka olib, maydonni tark etdi.
Ma’lumot uchun, 1/8 final bosqichida «Barselona» ikki o‘yin natijasiga ko‘ra «Nyukasl»ni 8:3 hisobida dog‘da qoldirgan edi. «Atletiko» esa xuddi shu bosqichda «Tottenhem»dan ustun kelgan (umumiy hisob — 7:5).