YChL. «Atletiko» oʻz maydonida «Bryugge»ni yirik hisobda magʻlub etib, 1/8 finalga yoʻllanma oldi
UEFA Chempionlar Ligasi pley-off bosqichidan oʻrin olgan bahsda Madridning «Atletiko» klubi «Bryugge» ustidan ishonchli g‘alabaga erishib, musobaqaning 1/8 final bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Madridda bo‘lib o‘tgan javob uchrashuvi 4:1 hisobida ispanlarning g‘alabasi bilan yakunlandi. Eslatib o‘tamiz, jamoalar o‘rtasidagi dastlabki bahsda 3:3 hisobidagi durang qayd etilgan edi. Ikki o‘yin natijasiga ko‘ra (7:4), Diego Simeone shogirdlari keyingi bosqichga yo‘l oldi.
Uchrashuvning 23-daqiqasida Aleksandr Serlot hisobni ochib, «Atletiko»ni oldinga olib chiqdi. 37-daqiqada «Bryugge» futbolchisi Xoel Ordonyes javob to‘pini kiritib, muvozanatni tikladi. Biroq ikkinchi bo‘lim madridliklarning to‘liq ustunligida o‘tdi. 48-daqiqada Jonni Kardozo mezbonlarning ikkinchi goliga mualliflik qildi. Shundan so‘ng o‘yin qahramoniga aylangan Serlot 76 va 87-daqiqalarda raqib darvozasini yana ikki bor ishg‘ol qilib, o‘zining xet-trikini rasmiylashtirdi.
Maʼlumot uchun, «Atletiko» 1/8 finalda «Liverpul» yoki «Tottenhem» jamoalaridan biri bilan to‘qnash keladi. Ma’lumot uchun, joriy mavsumning final bahsi 2026yilning 30 may kuni Budapeshtdagi «Pushkash Arena» stadionida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.
YChL. Pley-off bosqichi
«Atletiko» — «Bryugge» 4:1
Gollar: Serlot (23, 76, 87), Kardozo (48) — Ordonyes (37).