YChL. 8 ta gol urilgan bahsda «Barselona» ayollar jamoasi «Real»ni yirik hisobda tor-mor etdi
Ayollar o‘rtasidagi Chempionlar Ligasining chorak final dastlabki uchrashuvi yakunlandi. «Alfredo di Stefano» stadionida kechgan bahsda «Real» va «Barselona» jamoalari o‘zaro to‘qnash kelishdi. Ushbu o‘yinda kataloniyaliklar 6:2 hisobidagi yirik g‘alabani qo‘lga kiritishdi.
O‘yinning 6-daqiqasida Eva Payor hisobni ochib, mehmonlarni oldinga olib chiqdi. 13-daqiqada Esme Brugts «ko‘k-anorranglilar»ning ustunligini ikkitaga oshirdi. 30-daqiqada Linda Kaysedo madridliklarning javob golini urdi. Biroq, oradan ikki daqiqa o‘tib Iren Paredes uchinchi golni kiritdi. 57-daqiqada Payor dublni rasmiylashtirgan bo‘lsa, 64-daqiqada Viktoriya Lopes hisobni yirik ko‘rinishga olib keldi.
66-daqiqada Kaysedo ham dubl qayd etishga muvaffaq bo‘ldi. Uchrashuv yakunida, 89-daqiqada Aleksiya Putelyas penaltini aniq amalga oshirib, yakuniy nuqtani qo‘ydi.
Jamoalar o‘rtasidagi javob o‘yini 2 aprel kuni bo‘lib o‘tadi. Turnirning final bahsi esa 23 may kuni Oslodagi «Ullevol» stadionida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.